Klimatolog oktabrda Markaziy Osiyo shaharlarida havo ifloslanishi nega ortganini tushuntirdi
Gidrometeorologiya instituti tahliliga koʻra, 26-oktabr kuni mintaqadagi sakkiz yirik shaharning oltitasida havo sifati indeksi 100 dan oshdi; klimatolog Erkin Abdulahatov sabablarini izohladi.

Toshkent va Markaziy Osiyoning bir qancha yirik shaharlarida havo sifatining yomonlashuvi soʻnggi kunlarning eng koʻp muhokama qilinayotgan mavzularidan biriga aylandi. Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti xalqaro va milliy monitoring maʼlumotlari asosida oʻtkazgan tahlilda mintaqaning bir nechta yirik shahrida havo ifloslanishi bir vaqtning oʻzida ortgani aniqlandi.
Raqamlar
IQAir maʼlumotlariga koʻra, 26-oktabr kuni monitoring qilinayotgan sakkizta yirik Markaziy Osiyo shahridan oltitasida havo sifati indeksi (AQI) 100 dan oshdi. Koʻrsatkich Bishkekda 160, Toshkentda 157, Shimkentda 149, Qaragʻanda va Dushanbeda esa 134 ni tashkil etdi.
Sabablari
Instituti laboratoriyasi mudiri, geografiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Erkin Abdulahatovning taʼkidlashicha, ifloslanishga bir qancha omil sabab boʻlgan: antisiklon sharoiti, kuchsiz shamol, yogʻingarchilik yoʻqligi, harorat inversiyasi, mintaqa choʻllaridan koʻtarilgan tabiiy chang hamda transport, sanoat va energetika chiqindilari. Bu yil vaziyat uzoq davom etgan quruq ob-havo tufayli yomonlashgan; Toshkent koʻchalaridagi zich transport oqimi chang zarralarining tarqalishini kuchaytirgan.
Mutaxassis izohi
«Yer yuzasiga yaqin havo yuqori qatlamlardagi havo bilan yetarlicha koʻtarilib aralashmaydi. Natijada transport, sanoat obʼyektlari, energetika ishlab chiqarishi va boshqa manbalardan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar, shuningdek tabiiy ravishda yuzaga keladigan chang quyi atmosferada toʻplanadi», — dedi Erkin Abdulahatov.
Qanday choralar taklif qilinadi
Mutaxassis vaziyatni yaxshilash uchun monitoring va prognoz tizimlarini takomillashtirish, transport va energetika chiqindilarini kamaytirish, qurilish maydonlari va yoʻllarda chang hosil boʻlishining oldini olish, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish hamda koʻkalamzorlashtirish ishlarini davom ettirishni tavsiya qildi.

