Hindiston Oʻzbekistonda tibbiyot oʻqiydigan talabalarni diplom tan olinmasligidan ogohlantirdi
Hindiston Milliy tibbiyot komissiyasi va Tashqi ishlar vazirligi oʻz fuqarolarini Oʻzbekistondagi tibbiyot oliygohlari milliy talablarga mos kelishini tekshirishga chaqirdi; aks holda diplom Hindistonda tan olinmasligi mumkin.

Hindiston Milliy tibbiyot komissiyasi (NMC) va Tashqi ishlar vazirligi (TIV) oʻz fuqarolarini Oʻzbekistonda tibbiyot (MBBS) taʼlimi olishda tanlangan oliygoh Hindiston milliy tibbiyot taʼlimi talablariga mos kelishini sinchiklab tekshirishga chaqirdi. Bu talablarga javob bermaydigan dasturlar bitiruvchilari Hindistonda shifokorlik bilan shugʻullanish huquqidan mahrum boʻlishi mumkin.
Qanday talablar?
NMCning chet el tibbiyot bitiruvchilari (FMGL) qoidalariga koʻra: bitta muassasada kamida 54 oy oʻqish, 12 oylik amaliyotni (internaturani) oʻsha muassasada oʻtash, taʼlim ingliz tilida boʻlishi va oʻqish davomida mamlakatni yoki kampusni almashtirmaslik shart. Klinik amaliyotni turli mamlakatlar oʻrtasida boʻlib oʻtash taqiqlanadi.
Qaysi oliygohlar koʻrsatildi?
NMC oʻz maslahatnomasida Buxoro davlat tibbiyot instituti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Toshkent davlat tibbiyot universitetining Termiz filialini, shuningdek ushbu filial bilan bogʻliq Hindistondagi bir kampusni («split-training» tizimi) alohida qayd etgan. Asosiy eʼtiroz — oʻqishning turli mamlakatlar oʻrtasida boʻlinishi.
Nega muhim?
Koʻplab hind talabalari Oʻzbekistonni arzonroq boʻlgani uchun MBBS oʻqishga tanlaydi. Biroq vatanga qaytganda ular FMGE imtihonini topshirishi, shu bilan birga NMCning yuqoridagi talablariga ham mos kelishi shart. The Tribune maʼlumotiga koʻra, bu eslatma yangi qaror emas — NMC maslahatnomasi 2026-yil aprelida chiqarilgan, TIV esa 3-noyabr matbuot brifingida uni takrorlagan. Hind talabalar qabuli qariyb 2000 dan 200 atrofiga tushgani xabar qilingan (bu raqam brifingdagi tahminiy baho).

