Oʻzbekistonda 11 futbol klubi, jumladan Paxtakor, tadbirkorlarga ishonchli boshqaruvga beriladi
Klubni olgan tadbirkor yillik xarajatning kamida 20 foizini qoplaydi va soliq imtiyozlari oladi; davlat 2030-yilgacha professional futbolni moliyalashni toʻxtatmoqchi.

Oʻzbekistonda 11 professional futbol klubi tadbirkorlarga ishonchli boshqaruvga (trust management) beriladi. Tanlovga Bunyodkor, Buxoro, Dinamo, Qizilqum, Navbahor, Nasaf, Neftchi, Lokomotiv, Mashʼal, AGMK va Paxtakor kiritilgan. Tanlov sport moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga xususiy sektorni jalb qilishga qaratilgan Prezidentning 2026-yil 24-mart farmoni asosida oʻtkazilmoqda.
Shartlar
Klubni ishonchli boshqaruvga olgan tadbirkor uning yillik xarajatlarining kamida 20 foiziga teng mablagʻ bilan taʼminlashi shart.
Imtiyozlar
Tadbirkorlar bir qator soliq va moliyaviy imtiyozlar oladi. Jumladan, foyda soligʻini hisoblashda klub faoliyatini moliyalashga yoʻnaltirilgan homiylik mablagʻi soliqqa tortiladigan foydadan chegiriladi, biroq uning 10 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda. Bundan tashqari, bu klublar oʻyinchilari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod etiladi, ularning ijtimoiy soliq stavkasi 1 foizni tashkil etadi. Tadbirkorlarga tijorat banklaridan yiliga 14 foiz stavkada, bir yillik imtiyozli davr bilan 5 yilga kredit beriladi, sport koʻrsatuvlari chogʻida milliy teleradioda reklama uchun 50 foiz chegirma qoʻllanadi.
Davlat moliyalashuvidan voz kechish
Davlat klublarga ajratadigan mablagʻ bosqichma-bosqich kamaytiriladi: 2026-yil mavsumida har bir Superliga klubiga (16 ta klub) 35 milliard soʻm, 2027-yilda 30 milliard, 2028-yilda 25 milliard soʻm. Hukumat 2030-yilgacha professional futbolni moliyalashni toʻxtatib, klublarni bozor mexanizmlariga oʻtkazishni rejalashtirgan.

